blog image

Toshkentda islom moliyasi bo‘yicha trening tashkil etildi

2019 yil 6-7 oktabr kunlari tashkil etilgan trening IsBF, ya’ni Islamic Business and Finance kompaniyamizning birinchi yirik rasmiy tadbiri bo'ldi. Bu tadbirda islom moliyasi bo‘yicha dunyoning eng nufuzli oliygohi bo‘lgan Malayziyaning INCEIF universiteti Prezidenti va Bosh ijrochi direktori professor Azmi Umarning, INCEIF dotsenti va dunyoning eng yirik banklaridan bo‘lgan HSBC bankining Malayziyadagi bo‘limi Shariat kengashi raisi va Taj Bank (Nigeriya) shariati kengashi raisi sifatida xizmat qilib kelayotgan Doktor Ziyad Muhammadning, hamda dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan bo‘lgan Garvard universiteti bitiruvchisi, islom bank ishi va moliyasi, islom sarmoya bozori vositalari, hamda takaful (islomiy sug‘urta) mahsulotlari bo‘yicha yetakchi mutaxassis, Malayziya Oliy sudining advokati, shuningdek Kuala-Lumpur mintaqaviy arbitraj markazida Islom moliyasi yoki boshqa shariat bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha hakamlik sudi sudyasi bo‘lgan Doktor Aida Usmonlarning asosiy ma’ruzachilar sifatida ishtirok etgani biz uchun juda ahamiyatli, xalqimiz uchun esa juda katta imkoniyat bo‘ldi.
Quyida 2 kunlik trening dasturimiz mavzulari haqida tanishishingiz mumkin:

Trening dasturi
1 kun – 6 oktabr

Islom moliyasi va uning o‘ziga xos jihatlari: ribo, g‘arar va maysir.
Savdo shartnomalari: umumiy shartlari, savdo haqiqiy bo‘lish shartlari, yaroqsiz va nuqsonli qiluvchi shartlar, asosiy taqiqlangan savdo shartlari.
Islom sarmoya bozori: sukukning asosiy jihatlari va uning obligatsiyalardan farqlari.
Islom moliyalashtirish mahsulotlari: Mushoraka, Mudoraba, Salam, Istisna va hokazo
Foyda va zararni taqsimlashga aloqador shartlar.
Takaful (Islomiy sug‘urta): asosiy ma’lumotlar va o‘ziga xos jihatlari.
Savol-javoblar


2 kun – 7 oktabr

Islom banki balansi va daromadlari to‘g‘risidagi hisobotlarning ko‘rinishi;
An’anaviy banklarda islom moliyasi darchalarini ochish masalasi:
-  G‘aznachilik, hisob-kitob (buxgalteriya) va boshqa bitim va jarayonlarning an’anaviy va islom bankchiligi o‘rtasidagi farq va o‘xshashliklari;

-  Islom moliyasi darchalarining an’anaviy bank doirasida ishlash tamoyillari. Asosiy talab va muammolar;

-  Islom moliya darchalarining shariat talablari doirasida boshqaruvi;

-  Shariat kengashi va shariat auditlarining ishlash tamoyillari.

Murobaha shartnomasi va uning an’anaviy banklar doirasida qo‘llanishi (tuzilishi). Asosiy muammolar.
Ijara va uning an’anaviy banklar doirasida qo‘llanishi. Asosiy muammolar.
Islom banklaridagi uy-joylarni moliyalashtirish mexanizmlari;
-  tugallanmagan ko‘chmas mulkni sotib olish;

-  qurib bitkazilgan ko‘chmas mulkni sotib olish;

-  asosiy usul va muammolar.

Banklar uchun mablag‘ manbalari: Cheklanmagan sarmoya hisob-varaqlari (mudoraba va vakala) va sukuk.
Zamonaviy islom banklarining asosiy muammolari: tavarruq va unga bog‘liq muammolar.
Savol-javoblar